Xiva shahar Axborot-kutubxona markazida o‘zbek adabiyotining iste’dodli namoyandasi Normurod Narzullayev tavalludining 92-yilligi munosabati bilan "Adib ijodiga bir nazar" mavzusida kitob ko‘rgazmasi tashkil etilib, davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda "Ko‘zi ojizlar" kutubxonasi mutaxassisi O. Ro‘zmetova, "Kitobxon klubi" a’zolari, faol kitobxonlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdilar. Davra suhbatida Normurod Narzullayevning hayoti va sermazmun ijodiy faoliyati, uning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan munosib hissasi haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, adib ijodida xalqona til, sodda va ravon uslub alohida o‘rin egallaydi. Shu bois uning asarlari turli yoshdagi kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinib kelinmoqda. Tadbir davomida tashkil etilgan kitob ko‘rgazmasida adibning asarlari hamda u haqidagi adabiyotlar namoyish etildi. Ishtirokchilar ko‘rgazma bilan yaqindan tanishib, yozuvchi ijodi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Mazkur davra suhbati ishtirokchilarda Normurod Narzullayevning boy adabiy merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, yoshlar qalbida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda milliy adabiyotimizga hurmat va e’tiborni mustahkamlashga xizmat qildi.