Bugun Xiva shahar Axborot-kutubxona markazi o‘quv zalida Urganch davlat universiteti Filologiya fakultetining 3-bosqich amaliyotchi talabalari ishtirokida o‘zbek adabiyoti va ma’rifatparvarlik harakatining yirik namoyandasi Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan “Fitrat ijodi – yoshlar uchun ma’naviyat maktabi” mavzusida kitob ko‘rgazmasi hamda davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida Abdurauf Fitratning o‘zbek milliy uyg‘onish davridagi beqiyos o‘rni, uning adabiy, ilmiy va ijtimoiy faoliyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, adib o‘z asarlarida yoshlarni ilm-ma’rifatga intilish, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda zamon bilan hamnafas bo‘lib yashash g‘oyalarini ilgari surgan. Davra suhbatida adibning “Oila”, “Munozara” va “Sayyohi hindi” asarlarida ilm-fan, oila tarbiyasi, milliy o‘zlikni anglash hamda jamiyat taraqqiyoti masalalari keng yoritilgani qayd etildi. Ushbu asarlar bugungi kunda ham yoshlarning ma’naviy kamoloti, mustaqil fikrlashi va dunyoqarashini boyitishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, tashkil etilgan kitob ko‘rgazmasida Fitratning hayoti va ijodiga oid adabiyotlar, uning ilmiy-adabiy merosi aks etgan nashrlar namoyish etildi. Talabalar ko‘rgazma bilan yaqindan tanishib, adib ijodi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir yakunida yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda Abdurauf Fitratning boy ilmiy-adabiy merosi muhim ahamiyat kasb etishi, uning ma’rifiy g‘oyalarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish har bir yoshning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.