Xiva shahar Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qoshidagi Vatan himoyachilari maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, “Ijodkor yoshlar” klubi a’zolari hamda faol kitobxonlar ishtirokida el dardini kuylab o‘tgan ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar tavalludining 142 yilligi munosabati bilan “Ma’rifatparvar shoir” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Shoir haykali oldida o‘tkazilgan tadbir davomida Avaz O‘tar xotirasi yodga olinib, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmasi tashkil qilindi hamda davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda Avaz O‘tar qalamiga mansub she’rlar o‘qilib, shoirning sermazmun ijodiy merosi, ma’rifatparvarlik g‘oyalari va bosib o‘tgan ijodiy yo‘li haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi. Shuningdek, uning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, xalq dardi va orzu-umidlarini o‘z ijodida aks ettirgani haqida fikrlar bildirildi. Tadbir davomida Respublikamizning turli hududlarida maktab, ko‘cha va xiyobonlarga Avaz O‘tar nomi berilgani, Xiva shahrida shoirning uy-muzeyi tashkil etilgani hamda uning xotirasiga bag‘ishlab haykal o‘rnatilgani haqida ham ma’lumotlar berildi.