O‘zbek ayolining buyuk timsoli

02-Mar, 2026

O‘zbek ayolining buyuk timsoli

O‘zbek she’riyati asrlar davomida yuksak cho‘qqilarni zabt etib kelmoqda. Bu yo‘lda Alisher Navoiy, Zulfiya Isroilova, Erkin Vohidov kabi buyuk ijodkorlarimizning o‘rni beqiyosdir. Bugun mamlakatimiz ahli har bahorni shoira Zulfiya tavallud topgan kunni nishonlash bilan kutib olishni ezgu an’anaga aylantirgan.

Xiva shahar Axborot-kutubxona markazida “Kitobxon klubi” a’zolari, 17-son umumta’lim maktabining kitobxon o‘quvchilari hamda faol kitobxonlar ishtirokida o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludining 111 yilligiga bag‘ishlab, “Ayollarni e’zozlash” oyligi doirasida “O‘zbek ayolining buyuk timsoli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida “Kitobxon klubi” a’zolari o‘z ijod namunalari hamda sevimli shoirlarimizning sara she’rlarini taqdim etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilar Zulfiyaxonim ijodida aks etgan Vatanga muhabbat, sadoqat, mehr-oqibat, insonparvarlik va fidoyilik g‘oyalari haqida atroflicha fikr almashdilar.

Mazkur tadbir yoshlar qalbida milliy adabiyotimizga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash, buyuk siymolarimiz merosini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

Orqaga