Sheʼriyat — inson qalbiga yoʼl topadigan, ezgulik va Vatan tuygʼusini yuksaltiruvchi buyuk maʼnaviy kuchdir. Xiva shahrida oʼtkazilgan «Yangi Oʼzbekiston mushoirasi» ana shu ulugʼ tuygʼularni bir davrada mujassam etgani bilan ahamiyatli boʼldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 17–18 avgust kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Xiva shahridagi «Farovon» mehmonxonasida «Yangi Oʼzbekiston mushoirasi» nomli adabiy anjuman tashkil etildi. Mushoirada respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan taniqli shoir va yozuvchilar, ijodkorlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. Аnjumanda axborot-kutubxona markazi xodimlari yangi kitoblardan kitoblar koʼrgazmasi tashkil qildilar. Koʼrgazmada taniqli elimiz suygan shoir va yozuvchilarning kitoblari namoyish qilindi. Tadbir davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar, yangilanish va bunyodkorlik jarayonlari, inson qadrini ulugʼlash, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini taʼminlash yoʼlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar sheʼriyat tilida tarannum etildi. Ijodkorlar oʼzlarining yangi va sara asarlaridan namunalar oʼqib, mushoira ishtirokchilariga koʼtarinki kayfiyat ulashdilar. Аyniqsa, Xorazm zaminidagi bugungi yangilanishlar, qadimiy va navqiron Xivaning oʼziga xos jozibasi, Vatanga muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik tuygʼulari shoirlar ijodida oʼzining yorqin ifodasini topdi. Mushoirada aytilgan har bir sheʼrda Vatanga muhabbat, yurt kelajagiga ishonch, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, ezgulikka intilish kabi yuksak tuygʼular mujassam edi. Аdabiy anjuman nafaqat shoir va yozuvchilarning ijodiy uchrashuvi, balki soʼz va sanʼat vositasida bugungi yangilanishlar ruhini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlod qalbida adabiyotga, Vatanga va milliy qadriyatlarga mehr uygʼotishga xizmat qiladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir sifatida ahamiyat kasb etdi. «Yangi Oʼzbekiston mushoirasi» Xiva osmonida jaranglagan sheʼriy sadolar, dildan chiqqan ezgu niyatlar va yurt taraqqiyotiga daxldor fikrlar bilan ishtirokchilar xotirasida iliq taassurot qoldirdi.